Darsda foydalaniladigan adabiyotlar:
1.Abdulla Qodiriy “O’tgan kunlar”
2. H. Qodiriy “Otam haqida”.
3.“Qodiriyni qumsab” Xotiralar.
4. “Armon” she’riy to’plam.
5. N. Boqiy. “Qatlnoma”
6. M. Qo’shjonbov “O’zbekning o’zligi”
Texnik vositalar: Magnitafon va videomagnitafon kassetalaridan
foydalaniladi.
O’qituvchi: Moziyga qaytib ish ko’rmoqni xayrlik deydilar. Shunga
ko’ra biz bugungi mavzuni moziydan o’zbek hayoti, o’zbek ruhi,
o’zbekona urf-odatlar va o’zbek ma’naviyati aks etgan “O’tgan
kunlar”dan belgiladik…
Ko’zlar ko’rdim suratda ham taratgay ziyo,
Mangu hasrat qotib qolgan oniy shuurda.
La’nat senga, oqibatsiz, ey qattol dunyo,
Shu ko’zlarni chiritmoqchi bo’ldingmi go’rda?
Qodiriyning tirnog’idan kir axtarganlar
Qayda qoldi tor doira quloqchilari.
Siz qaytarmang men barilla aytayin do’stlar,
Hamon mavjud ezgulikning qo’riqchilari.
Ona xalqim qaddingni tut, olamga hayqir,
Bor kuchingni, ovozingni yig’ib tomoqqa.
Qodiriyning ruhi bilan ellarni chaqir,
Yovuzlikdan yaxshilikni qo’riqlamoqqa !
(Sh. Sodiq «Qodiriyning so’nggi surati ». «Armon» kitobidan)
Dunyoda shunday yozuvchilar bo’ladiki, ularning ijodisiz biror bir
milliy adabiyotning taraqqiyot yo’lini tasavvur etib bo’lmaydi. A.
Qodiriy o’zbek xalqining iymoni, vijdoni bo’lmish ana shunday
yozuvchilardan edi. Biz Siz bilan o’tgan darslar davomida
Qodiriyning armonli hayoti, ayanchli, fojiali taqdiri haqida
suhbatlashdik. Yozuvchi ijodi bilan, uning «o’tgan kunlar » romani
bilan yaqindan tanishdik. Asar bizni maftun etdi. Biz oddiylikdagi
tengsiz go’zallikni ko’rdik.
Shunday ekan, asarni tahlil qilish, qahramonlar ichki va tashqi
olamining o’ziga xos tomonlarini ochishda ham o’zgacha usuldan
foydalansak. Kelishib olganimizdek, 3 guruhga bo’linamiz: 1- tomon
fojia ro’y berishiga sabab bo’lgan qahramonlarga aybnoma e’lon
qiladilar. 2- tomon qahramonlarning hatti-harakatlaridan kelib
chiqib ularni oqlashga harakat qiladilar va 3- guruh guvoh sifatida
qatnashadilar. Marhamat, hukmdori odil bu majlisni boshqarib boradi.
Videokassetadan foydalanib “O’tgan kunlar” badiiy filmining so’nggi
qismi ko’rsatiladi. So’ng Yoqubjon Mamadaliyevning “Kumushbibi”
she’ridan parcha o’qiladi.
Atlasmidi, adrasmidi kiyganing,
Dunyo nisor qalam-qalam qoshingga.
Beging senga, sen begingga to’ymading –
Kumush bibi zahar tushdi oshingga.
Hukmdori odil: Hurmatli jamoa! Toshkandning mashhur a’yonlaridan
bo’lg’on Yusufbek Hoji xonadonida fojia ro’y berdi. Bugun ana shu
fojianing ildiziga bolta urmoq maqsadida yig’ildik. Qoralovchi va
oqlovchi tomonlar tayyormi?
Qoralovchi: Hurmatli majlis ahli! “O’tgan kunlar” ishi bo’yicha
Yusufbek hoji o’g’li Otabekni aybdor deb topdik.
1. Otabek ota-ona rizoligisiz marg’ilonlik Mirzakarim qutidor qizi –
Kumushbibiga uylandi.
2. Shuning orqasidan o’z farzandlik burchini unutdi.
3. Otabek ko’ra bila turib Zaynabga uylandi va bir bechora qizning
baxtiga zomin bo’ldi.
4. Shariat qonuniga ko’ra ikki ayoliga bir xil munosabatda bo’lmog’I,
ikkisini ham o’z himoyasiga olmog’I kerak edi. Biroq Otabek bechora
Zaynab qarshisida “jonsiz haykal” bo’lib yashadi. Bir bechora
qizning shodligi, dard-u hasratiga sherik bo’la olmadi.
5. Otabek bechora Zaynabni eng so’nggi chorani qo’llashga majbur
qildi, o’zi bilmagan holda Zaynabning qo’liga zahar tutqazdi.
Hurmatli jamoa, Mirzakarim qutidor qizi Kumushbibining o’limida
Otabekni aybdor deb topdik. So’z yusufbek hoji o’g’li Otabekka.
Otabek: Men ota-onamning qistovi bilan Kumushbibi ustiga Zaynabni
kundosh qilib olishga majbur bo’ldim. Biroq kundoshlik tufayli
oilamiz totuvligi buzildi. Kumush zaharlandi. Bunda mening aybim
yo’q bo’lsa kerak.
Qoralovchining savollari: - Zaynabga uylanmaslikning iloji yo’qmidi?
- Zaynabni yolg’izlatib qo’ydim deb o’ylamaysizmi?
- Kumushga qilingan muomala Zaynabga ham qilinsa bu fojia yuz
bermasmidi?
- Nega ota – onangizga voqealarni batafsil tushuntirib bermadingiz?
Oqlovchi: Hukmdori odil! Ro’y bergan fojiada Otabekning aybi
yo’qligini isbotlash uchun guvohlarni chaqirishga ruxsat
berishingizni so’raymen. (1-guvoh chaqiriladi). Siz Yusufbek Hoji
o’g’li Otabek haqida majlis ahlig’a nima ayta olasiz?
I-guvoh: Men Otabek bilan Qodiriy domla orqali tanishgan edim.
Otabek 24 yoshlarda, og’ir tabiatlik, ulug’ gavdali, ko’rkam va oq
yuzli, mutanosib qora oshli va egnida murti sabz urgan, ilmli va
aqlli bir yigit.
Oqlovchi: Aytingchi, guvoh, Otabekka bunday yuqori baho
berishingizga Qodiriy domlaning maqtovlari sababmi?
Guvoh: Aslo, men bu yigit bilan bir majlisda qatnashib, u haqda
ko’pgina aqlli odamlarning maqtov gaplar aytishganini eshitganman.
Masalan Ziyo shohichi Otabekni maqtab “Otasining bolasi-da” degan
bo’lsa, Akrom hoji: “Agar xon ko’tarish manim qo’limda bo’lsa edi,
xon qilib Otabekni ko’tarar edim”, - deb aytg’aniga, Mirzakarim
qutidor: “Otabek xon qizig’a loyiq bir yigit ekan”, -deb maqtag’an
so’zlarig’a guvohmen.
(Navbatdagi guvoh chaqiriladi)
Oqlovchi: Aytingchi, Otabekda o’zbekona andisha va hayo bormi edi?
II-guvoh: Otabekda andisha, hayo bor. U birovning qalbiga ozor
berishdan qo’rqadi. Balki mana shu andisha ma’lum darjada Kumushning
o’limiga sabab bo’lgandir. Otabek yodingizda bo’lsa, mehmonlarga
Hasanalining qul ekanligini aytish uchun uning hujradan
uzoqlashuvini kutadi. Garchi Hasanalining qul ekanligi sir
bo’lmasa-da, ammo bu so’z bilan uning qalbi ozor chekishini o’ylaydi.
U odamlarni mansab va boyliklariga qarab emas, balki insoniy
fazilatlariga qarab baholovchi bir yigit edi.
(Navbatdagi guvoh chaqiriladi).
Qoralovchi: Aytingchi, guvoh, Otabek Millat taqdiri bilan
qayg’uruvchi kishilardan edimi?
III-guvoh: Albatta taqsir! Otabekni millat taqdiriga befarq deb
bo’lmaydi. Azizbekning Qo’qonga qarshi bosh ko’targani xalq
tomonidan oddiy qarshi olindi. Ammo Otabek bu xabarga oddiy qaray
olmadi. “Yeb turg’ani og’zida, yutgani bo’g’zida qoldi”.Otabek
millatni, xalqini, musulmonni jar yoqasida turganidan vahimaga
tushdi. Yoki yana bir misol: Qipchoqlarning qirg’in etilishi
Otabekni dahshatga soldi. U bu fojiaga oddiy tomoshabin bo’lib
qolmadi. Barcha zahrini otasiga sochdi. Otabek “jahl chiqsa, aql
ketadi” qabilida ish qilavermas, vaziyatni anglab, oqni qoradan
ajrata bilguvchi yigitlardan edi. Yusufbek hoji o’g’lining
gaplaridan ko’ziga yosh olib: “Nega har narsaga yetgan aqling shunga
kelganda oqsaydur?”,- deganda Otabekdagi ana shu fazilatni nazarda
tutgan edi.
(Navbatdagi guvoh chaqiriladi).
Oqlovchi: Siz bizga Otabekning ayonlariga bo’lgan munosabati haqida
biror bir narsa ayta olasizmi?
IV-guvoh: Otabekning ayonlariga bo’lgan munosabati ro’mon boshidayoq
ma’lum edi. “…Oladurg’on xotiningiz sizga muvofiq bo’lishi
barobarida er ham xotinga muvofiq bo’lsin”, deya fikr bildiradi. Shu
tufayli ham uylanmay turib Zaynabga achinadi, “bir bechoraga ko’ra
bila turib jabr ham xiyonat”, - degan edi. Otabek Kumushga muhabbat
orqasidan uylangan bo’lsa, Zaynabga ota-ona orzusi tufayli uylandi.
Shu bois bir qalbga ikki muhabbatni sig’dira olmadi. Bunda Otabekni
ayblab bo’lmas, taqsir.
(Navbatdagi guvoh chaqiriladi)
Qoralovchi: Aytingchi, guvoh, Marg’ilonlik Kumushbibining Otabekni
sehrlab olishiga sabab bormi?
V- guvoh: Albatta, taqsir! Qodiriy domla ham Kumushbibini
ta’riflashda ko’pincha o’zini ojiz his etadi. Shuning uchun bo’lsa
kerak, ta’rifni oxiriga yetkazmay nuqta qo’yadi.
Tasavvur qiling-a, sandal ko’rpasiga burkanib olib, yig’lagan qizni,.
Qovoqlari ishgan, yuzlari bo’rtgan, ko’zlari qizargan. Tasavvur
qildik-a! ammo yozuvchi endi nima deydi deng:- “Bu o’zgarish uning
husnini, latofatini bir zarra ham kamsitmay o’n qayta oshirgan edi…”
Yoki kelinlik libosida tasvirlar ekan: “otabek kelib, uni bir
ko’rsin-da, birgina jon bersin”,-deydi. Kumushbibidagi tashqi
go’zallik ichki go’zallik bilan uyg’un bo’lganligi uchun bu qiz
Otabeknigina emas, Yusufbek Hoji va O’zbek oyimlarni ham o’ziga rom
etgan edi. Shu bois Zaynab bo’lmasa: Yusufbek Hoji Kumushbibini
farishta degan bo’lur edi.
Oqlovchi: Hukmdori odil! Janob qoralovchi guvohimizga berayotgan
savollardan ko’rinib turibdiki, ular Otabek Kumushbibining makriga
ilingan deb baholayotirlar. “o’tgan kunlar”ni o’qish jarayonida shu
narsani kuzatish mumkinki, kumushbibining o’ziga xos go’zalligi
oxirgi nafasigacha cho’ziladi. Dastlab qodiriy domla kumushni qiz
suratidagi malak sifatida ta’riflaydilar. Mana eshitib ko’ring-a (Asardan
Kumushning ariq betidagi holati o’qib beriladi. 27-bet) Kumush
go’zalligini bundan-da chiroyliroq tasvirlash qiyin bo’lsa kerak.
Bunday qiz albatta Otabekni o’ziga rom etadi-da!
(Yana bir guvoh chaqiriladi).
Qoralovchi:
Kumushbibi O’zbek oyimning so’zlariga ko’ra andishasiz,
oriyat va o’zbekchilikni bilmaydurg’on bir “andi”, lo’lilar zotidan
bo’lib, Otabekni o’ziga sehrlab olgani rostmi?
VI-guvoh: Aslo taqsir! Suv bo’yidagi yigitga bo’lgan muhabbatini
so’lg’in dardga aylansa-da, tilga chiqarmasligi bu qizdagi o’zbekona
andisha emasmi? Ota-onasining yolg’iz farzandi bo’lsa hamto’yga
qarshilik ko’rsata olmaslik oriyat hisoblanmaydimi? Kumushbibi
Otabekdan taloq xatini olibxo’rlik va rashk o’tida yonsa-da, begiga
bo’lgan muhabbatini so’ndirmadi.
Oqlovchi: hukmdori odil! Guvohlarning bergan guvohliklariga ko’ra,
kumushbibining o’limida Otabekni ayblab bo’larmikan?! Toshkentda
shuncha go’zal qizlar qolib, uning Marg’ilondan uylanishi,
marg’ilonlik bir “andi”ga yuragidagi butun muhabbatini bag’ishlashi
taqdir emasmi? Qoralovchi janoblari Otabekni Zaynabga uylanganida
ayblamoqdalar. Uylanmaslikning iloji bormidi? Yo’q! u Kumushni
qanchalar sevmasin, ammo ota –onasi oldida farzandlik burchi
borligini ham bilardi. Otabek “ota-onasining ko’zidagi nur, belidagi
quvvat, hayotining mevasi edi. Zero ota-onasining Otabekdan boshqa
umid nishonasi, hayot quvonchi yo’q edi”. Yusufbek Hojining tili
bilan aytganda, dunyoda ko’rib o’tadigan orzumiz, havasimiz faqat
sengagina qarab qolgan. “Otabek farzandlik burchini yaxshi bilgani
uchun ota-ona orzusiga jonsiz haykal bo’lib rizolik berdi va o’zi
istamagan holda bechora Zaynabning umriga zavol bo’ldi. Otabek va
Kumush o’rtasidagi munosabatda go’zal bir samimiyat bor edi. Zaynab
bilan Otabek o’rtasidagi munosabatda esa majburiyat bor edi. Shu
bois Otabek ikki o’t ichida yondi.
“Gulim”, yondi Otabek ichdan qulab ketgan tog’,
“Zaynab”, senga ming la’nat, taloqsan sen, ket… taloq!”
Kumush yarq ko’zini ochdi bu so’zni eshitgan chog’,
Qayta yumdi… voh darig’, shu so’zmidi bir ilinj,
So’ng Otabek ko’ksiga bosh qo’yib jon berdi tinch.
Hukmdori odil: “O’tkan kunlar” ishini davom ettirib, ikkinchi
aybnomani ham ko’rib chiqsak.
Qoralovchi: Hurmatli jamoa! “O’tkan kunlar” ishi bo’yicha
kumushning o’limiga Zaynabni aybdor deb, unga quyidagi aybnomalarni
qo’yamiz.
1. Zaynab suymaganga suykalmasligi kerak edi. U Otabek Kumushni
yaxshi ko’rishini bilsa-da, ikki qalbga ozor berdi.
2. Zaynab bolaligidan pismiq qiz bo’lib, turmushga chiqqach ham shu
odatini qo’ymadi. O’z tarbiyasizligi orqasidan Otabekdan bir necha
bor dakki eshitdi. Farosatsizligi tufayli Kumush va Otabek
suhbatlariga aralashar edi.
3. Zaynabni O’zbek oyim ham suymas, demak u bu xonadondan o’z
vaqtida ketishi kerak edi.
4. Zaynab eng og’ir jinoyatga qo’l urdi. Kumushni zaharlab o’ldirdi.
Dahshatlisi shundaki, norasida go’dakni ona mehridan mahrum etib, 3
oila baxtini poymol etdi.
Oqlovchi: Hurmatli majlis ahli, qoralovchi janoblari Zaynabni
fojianing asosiy aybdori deb topdilar. Biroq Zaynabni bu ishga qo’l
urishida kim aybdor? Axir uni bu ishga undagan yolg’iz
Xushro’ybibigina emas-ku! Nahotki, Zaynabning sevishga va sevilishga
haqqi bo’lmasa? Otabekning xo’rlashlari yetmagandek, O’zbek oyim ham
o’zlari suyib olgan kelinlariga to’nlarini teskari kiyib oldilar.
Qoralovchi janoblari Zaynabni tarbiyasizlikda aybladilar. Axir
O’zbek oyimdek butun toshkentni oyoqqa turg’uza oladigan bir ayol
yakka-yu yolg’iz o’g’liga tarbiyasiz qizni ravo ko’rishi mumkin
edimi? Zaynab ham husn-u jamolda, oriyatda, odobda kumushdan
qolishmas edi. Uning yolg’iz aybi Otabek tomonidan sevilmagani. U bu
xonadonga baxt izlab kelgan, ne-ne orzu-umidlar bilan bir yostiqqa
bosh qo’ygan edi. Biroq Otabekdek aqlli va dono yigit Zaynabdan bir
og’iz shirin so’zini, bir daqiqalik shirin muomalasini qizg’andi.
Bechora qiz Kumushning baxtli kunlarini ko’rib, paymonasi to’lsa-da,
sabr teib chidadi. Biroq chaqaloqning tug’ilishi bu paymonani
to’ldirib yubordi. Zaynabning qo’liga zaharni achchiq hayot, O’zbek
oyim, Otabek va qolaversa kumushbibining o’zi tutqazdi, chunki sevib
sevilishga, shu xonadonning erka kelini bo’lishga Zaynabning ham
haqi bor edi.
Otabekni yorim degandi,
Yorim, vafodorim degandi.
Kumushdan ham ortiq suygandi,
Siz Zaynabga tutmangiz oson.
Oqlovchi: Marhamat qilib Zaynab o’zingiz haqingizda va bo’lib o’tgan
voqealarni gapirib bersangiz.
Zaynab: Men qaynonamning va’dalariga ishondim. Keyinchalik u kishi
ham butunlay kundoshim tomonga o’tib oldilar. Men esa yig’i
quchog’ida qoldim. Ne qilay, mening aybim nima, ota-onam ixtiyorida
bo’lganimmi?!
Bir qarashda hamma ko’ngilsiz voqealarning, fojialarning sababchisi
men bo’lib ko’rinaman. Kumushning o’limiga, begim totuv oilasining
barbod bo’lishiga aybdor menman. Lekin men kundoshlik azobiga ma’lum
ma’noda chidadim, ammo eski urf-odatlar bo’yinturug’ini uloqtirib
tashlay olmadim. Men yaxshilik yo’lini topa olmagan, butunlay
yomonlik yo’lini ham hazm qila olmagan bechora ayolman.
Qoralovchi: Navbatdagi so’z guvoh sifatida O’zbek oyimga beriladi.
O’zbek oyim: Otabekning Marg’ilondan uylanib qo’yishi menga juda
og’ir botdi. Bu xabarni Hasanalidan eshitib o’zimni qo’yarga joy
topolmay qoldim. Nihoyat o’glim Marg’ilondan kelguncha otasi bilan
maslahatlashib uni unashtirib qo’ydim. U Zaynabga nisbatan sovuq
munosabatda bo’ldi. Bu meni tashvishlantirdi. O’glimni Kumushdan
sovutishga, ajratishga ko’p harakat qildim.
…Bir kuni qudalarim kelishdi. Shunda Kumushni ko’rdim. U menga
yoqib qoldi. Uning Toshkentda qolishiga men sababchi bo’ldim. Lekin
uning o’limini istaganim yo’q. Zaynab bunchalikka boradi deb
o’ylamagan edim. Meni Kumushning o’limiga sababchi deb hisoblab
Marg’ilonga ketib qolgan Otabekdan ranjiy olmadim.
Hukmdori odil: O’zbek oyimni aybdor deb hisoblaysizmi?
Qoralovchi: U aybdor. O’g’li bilan maslahatlashmasdan ish tutgan.
Oqlovchi: E’tiroz bildiraman. Uni aybdor deb bo’lmaydi. Chunki har
bir ona o’g’lining baxtli bo’lishini xohlaydi. Birgina O’zbek
oyimning aybi bor deyish noto’g’ri.
Hukmdori odil: Hurmatli majlis ahli! “O’tkan kunlar” ishi yuzasidan
aybnomani ochiq qoldirishga qaror qildik.
Otabek ta’nasi qiynadi keyin,
Chirqiragan go’dak undan ham battar...
Tushun, qutqarmog’im edi ko’p qiyin,
Haq Zaynabga tutqazgan zahar.
Yaxshi ko’rar edim seni Kumushoy...
Shu bois bu masala xususida Siz ham mushohada yuritarsiz degan
umiddaman. Buning uchun “Otkan kunlar”ni qayta-qayta o’qish zarur.
Zero, moziyga qaytib ish ko’rmoq, xayrlik deydilar...

Yuqoriga qaytish